» » » Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

17 сентябрь 2021, Пятница
36
0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, davlat nazoratini takomillashtirish va “Soliqchi – ko‘makchi” tizimi orqali ularga nisbatan ma’muriy va soliq yukini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha 2021 yil 20 avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Belgilansinki:
a) quyidagilar 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab bekor qilinadi:
qat’iy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;
alohida tayyor import iste’mol tovarlarining bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o‘tgach sotuvga qo‘yilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qo‘yilgan taqiq;
b) 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlariga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga pasaytirilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Moliya vazirligi 2021 yil 1 dekabrga qadar ushbu banddan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
2. Savdo-sanoat palatasiga mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolati berilsin.
3. Adliya vazirligi, Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasining 2021 yil 1 oktyabrdan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining nazorat funksiyalarini 1-ilovaga muvofiq bekor qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining qonunchilik talablariga (keyingi o‘rinlarda – majburiy talablar) muvofiqligini tekshirish bo‘yicha davlat nazorati funksiyalari ro‘yxati qonun bilan tasdiqlanadi, bunda tegishli qonun qabul qilingandan so‘ng ro‘yxatga kiritilmagan davlat nazorati funksiyalarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatiga fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga zarar yetkazish xavfining oldini olish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan nazorat tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq tekshiruvlar, shuningdek, sayyor soliq tekshiruvlari kiritiladi;
2022 yil 1 apreldan bosqichma-bosqich majburiy talablarning elektron reyestri joriy qilinadi. Bunda mazkur reyestr davlat organlari va tashkilotlari o‘z vakolatlari doirasidagi sohalar bo‘yicha belgilangan tartibda taqdim etgan majburiy talablar ro‘yxati asosida Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.
5. 2022 yil 1 yanvardan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo‘yicha tekshiradi;
Savdo-sanoat palatasi a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik sub’ekti roziligi bilan Savdo-sanoat palatasi xodimlari ishtirok etadi;
Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobi elektron tarzda Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan yuritiladi;
tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishga qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi, bundan soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlar va ma’lumotlar asosida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno.
6. Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi, shuningdek, quyidagi imkoniyatlarga ega “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishlab chiqilishi va ishga tushirilishini ta’minlasin:
davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlarini shakllantirish va yuritish;
tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish va Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobini yuritish;
tadbirkorlik sub’ektlarini tegishli majburiy talablar bo‘yicha onlayn o‘qitish va faoliyati majburiy talablarga mosligi bo‘yicha o‘zini o‘zi tekshirish mexanizmlarini joriy qilish;
nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tekshirishlarning belgilangan tartibda o‘tkazilishini baholash.
7. 2022 yildan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga ma’muriy bosim darajasini aniqlash va yengillashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi (keyingi o‘rinlarda – Indeks) joriy etilsin.
Belgilansinki:
a) Indeks Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali tekshiruv natijalari asosliligi hamda qonuniyligi, profilaktik tadbirlar va tekshiruvlar mutanosibligi, tadbirkorlarning tekshiruv natijalaridan qoniqish darajasi kabi ko‘rsatkichlar asosida tuziladi;
b) nazorat qiluvchi organlar har yarim yil yakunlari bo‘yicha 1 avgustga qadar, yil yakunlari bo‘yicha 1 fevralga qadar amalga oshirilgan nazorat tadbirlari tahlilini Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga kiritadi;
v) Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil har yarim yil yakunlari bo‘yicha 1 sentyabrga qadar, yil yakunlari bo‘yicha 1 martga qadar Indeks natijalari to‘g‘risidagi axborotni va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida ko‘p takrorlanuvchi huquqbuzarliklar hamda ular sodir etilishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga joylashtiradi va jamoatchilikka e’lon qiladi.
8. Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (D.Qosimov) va nazorat qiluvchi organlar rahbarlariga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga ma’lumotlarni to‘liq va o‘z vaqtida kiritish hamda ularning haqqoniyligi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
9. Moliya vazirligi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning asoslantirilgan hisob-kitoblari bo‘yicha 2021 yil 1 noyabrga qadar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimini ishlab chiqish uchun 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorda mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
10. Tadbirkorlikni yuritishni yengillashtirish va biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
12. Adliya vazirligi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
Tadbirkorlik kodeksi loyihasida davlat nazorati funksiyalari mazkur kodeks bilan tasdiqlanishini nazarda tutsin;
ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.S. Qosimov hamda nazorat qiluvchi organlar rahbarlari belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil 1 aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
        Prezidenti               Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 15 sentyabr

Ишонч телефонлари

  • Тел: 79 223-81-39

Бошқарма билан боғланиш

  • Тел: 79 223-81-39
  • Факс: 79 223-80-25
  • E-mail: info@naveconomy.uz
  • 210100, Навоий, Навоий кўчаси 30а уй
© 2019 Навоий вилояти Иқтисодий тараққиёт ва камбағалликни қисқартириш бош бошқармаси