» » » Kambag‘allikni qisqartirish – dunyo hamjamiyati muhokamasida

Kambag‘allikni qisqartirish – dunyo hamjamiyati muhokamasida

08 октябрь 2020, Четверг
11
0
        
      Joriy yilning 24 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida muhtaram Prezidentimizning eng nufuzli minbarda ilk marotaba sof ona tilimizda yangragan nutqlari ayni paytdagi dunyo voqeyligini real aks ettirgani, keltirilgan tahlil va takliflar o‘z asosiga ega ekanligi bilan jozibadordir.
Zotan, Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida “Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur” deb ta’kidladilar. Bu bejiz emas, albatta. Binobarin, davlatimiz rahbari tomonlaridan kambag‘allikni qisqartirish masalasini global miqyosda olib chiqilishi quyidagi sabablar bilan izohlanadi:
      Birinchidan, BMT, Jahon banki kabi qator xalqaro tashkilotlari so‘nggi 30 yil mobaynida global miqiyosda kambag‘allikni qisqartirish borasida ijobiy natija ega bo‘lib, ularda yetarli tajriba va yo‘nalishlar bazasi shakllandi.
Kambag‘allikni qisqartirish muammosi aynan iqtisodiy-moliyaviy imkoniyatlari nisbatan cheklangan hamda institutsional bazaning yetarli darajada rivojlanmagan mamlakatlarda kuzatiladi. Shu sababli, mazkur xalqaro tashkilotlar tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘rsatilayotgan moliyaviy va amaliy ko‘mak kambag‘allikni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
     Ikkinchidan, global tus olgan koronavirus pandemiyasi butun dunyoda nafaqat kambag‘allik, balki qashshoqlik darajasining oshib ketishi xavflarini kuchaytirmoqda.
Umuman olganda, dunyoda kambag‘allik darajasining oshib ketishi: (a) yangi turdagi (yoki boshqa) yuqumli kasalliklarning avj olishi va keng tarqalishiga hamda (b) odamlarning moddiy ahvoli yoki inson kapitalining yomonlashuvi oqibatida qator mamlakatlarda rivojlanish istiqbollarining salbiy tomonga o‘zgarishi, ularda nobarqarorlik xatarlarining kuchayishi va ushbu muammolarning global tus olishiga olib kelishi mumkin.
     Ma’lumki, davr talablaridan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbuslari o‘laroq, mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Respublikamizda ko‘p yillardan beri ko‘tarilmagan mazkur og‘riqli masala birinchi marotaba Prezidentimizning siyosiy jasoratlari tufayli joriy yilning 24 yanvaridagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida O‘zbekistonda kambag‘al aholi qatlami mavjudligi va u 12-15 foiz atrofida ekanligi ta’kidlandi.
     Shu o‘rinda, mazkur Murojaatnomadan iqtibos: “Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham kam ta’minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu o‘rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”.
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida maqbul davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi va ushbu yo‘nalishda uning asosiy vazifalari belgilab olindi.
     Hozirda mazkur yo‘nalishda tizimli, ya’ni, aholi kambag‘al qatlamining: doimiy daromad manbaini yaratish; davr talabidan kelib chiqib inson kapitalini rivojlantirish; to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash kabi ta’sirchan mexanizmlar orqali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo mazkur muammo bugungi pandemiya sharoitida keskin tus olib, global miqyosda yechimini talab qiladigan masalalar sirasiga aylandi.
     Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi  sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish taklifi judayam o‘rinli va dolzarbdir. Bunda, nazarimizda, eng nozik nuqtalardan biri, bu – dunyoning ko‘pgina nuqtalarida notinchlik va jiddiyatlar, ekologik xatarlarning ko‘payishi oqibatida dunyo mamlakatlari, xalqlari taqdirining tobora bir-biriga bog‘lanib borayotganligiga alohida urg‘u berilganligi hamdir.
     Axir, chindan ham tiriklik qonuniyati shunday: insoniyat yashashi, mehnat qilishi mumkin bo‘lgan yagona makon, bu – Yer Shari, undagi kishilik jamiyatining asosiy maqsadi esa bitta – Tinch, Xotirjam, Farovonlikda umrguzaronlik qilishdir.

                                                                                                                               Obiddin Mahmudov,
                                                                                                                                 O‘zbekiston Respublikasi
                                                                                                                  Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni
                                                                                                                           qisqartirish vazirining maslahatchisi.

Ишонч телефонлари

  • Тел: (0436) 223-81-39

Бошқарма билан боғланиш

  • Тел: 0 (436) 223-81-39
  • Факс: 0 (436) 223-80-25
  • E-mail: info@naveconomy.uz
  • 210100, Навоий, Ислом Каримов кўчаси 77а уй
© 2019 Навоий вилояти Иқтисодий тараққиёт ва камбағалликни қисқартириш бош бошқармаси